Bugun, 10-iyun kuni ertalab Anqarada MKE mudofaa mashinasozlik va kimyo korxonasiga qarashli raketa ishlab chiqarish zavodida portlash sodir bo‘ldi. Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, natijada zavodning besh ishchisi halok bo‘lgan.
“Anqaraning Elmadag‘ tumanidagi MKE raketa va portlovchi moddalar zavodida portlash yuz berdi. Portlash oqibatida besh ishchi halok bo‘ldi. Hodisa yuzasidan sud va ma’muriy tergov boshlandi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Zavod Elmadag‘ tumani hududida, turarjoylardan uzoqda joylashgan. Cumhuriyet gazetasining yozishicha, portlash ovozini atrofdagi aholi punktlari aholisi eshitgan.
TRT Haber telekanali xabariga ko‘ra, jabrlanganlarning ba’zilari og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar yetib kelgan. CNN Turk xabariga ko‘ra, yong‘in o‘chirilgan. Portlash sabablari hozircha ma’lum qilinmagan.
Izoh (0)