NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Ukrainaning alyansga kirishi masalasi “amalda hal qilingan” va Rossiyada alyansni kengaytirishga veto huquqi yo‘q. Stoltenberg AQSHdagi nutqi davomida shunday bayonot berdi.
Uning ta’kidlashicha, NATO ittifoqchilari Ukrainaning alyansga kirishiga rozi ekanliklarini bir necha bor e’lon qilishgan. Oxirgi marta ular 2022-yil yozida Madriddagi sammitda shunday pozitsiyani bildirishgan edi. NATO a’zolari Kiyevning alyansga rasmiy taklif qilish vaqtini faqat o‘zlari va Ukraina belgilashini qaror qilishgan.
“Buning Moskva va Vladimir Putinga aloqasi yo‘q. U NATOning kengayishiga veto qo‘yish huquqiga ega emas”, — dedi Stoltenberg.
2023-yil aprel oyida Kiyevga tashrifi chog‘ida Stoltenberg “Ukrainaning munosib o‘rni Yevro-Atlantika oilasida va NATOda”, deb ta’kidlagan edi. Keyin may oyida intervyuda u NATOga a’zo davlatlarning qarorlarini oldindan bila olmasligini ta’kidladi.
“Lekin bir narsa aniq: ularning barchasi Ukraina ittifoqqa a’zo bo‘lishi kerakligiga rozi”, — deya ma'lum qildi Stoltenberg.
Ammo keyinroq u jangovar harakatlar tugamaguncha Ukrainaning alyansga kirishi kun tartibida bo‘lmasligini ham aytib o‘tgan.
Izoh (0)