O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegramʼdagi kanali orqali maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirish, faol ishbilarmonlik aloqalari uchun zamin yaratish, “Janubiy Koreya + Markaziy Osiyo” muloqotini boyitish, tinchlik va xavfsizlik, bilim va texnologiyalar almashinuvi kabi masalalar kun tartibidan joy olgan.
Shu bilan birga, Baxtiyor Saidov Janubiy Koreya O‘zbekistonning asosiy strategik hamkorlaridan biri bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishini qayd etgan.
“Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan hukumatlarimiz o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hadli bitimni imzoladik”, — deb yozadi u.
Shuningdek, Janubiy Koreya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida parlament, qishloq xo‘jaligi, fitosanitariya, o‘rmonchilik va aqlli texnologiyalar sohasida aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar ham imzolangan.
1-iyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Koreya tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiyani prezident Shavkat Mirziyoyev ham qabul qilgandi. Tomonlar do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Izoh (0)