Samarqand viloyati Jomboy tumanida bog‘cha ovqatidan norozi bo‘lib, tasvirga olayotgan onalarga oshpaz ayol tashlangani aks etgan video tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta‘lim boshqarmasi holat yuzasidan ma‘lumot berdi.
Unga ko‘ra, videolavha viloyat Maktabgacha va maktab ta‘lim boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi. Mazkur holat 2023-yil 30-may kuni tushlik paytida sodir bo‘lgan. O‘rganish jarayonida haqiqatan ham tushlik uchun ajratilgan taomnomada ko‘rsatilgan oziq-ovqat mahsulotlari qozonga to‘liq solinmagani aniqlandi.
Shu sababli hamda tashkilot oshpazi tarbiyalanuvchining onasiga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Bundan tashqari, tashkilot direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan hujjatlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, tashkilotning tegishli mas‘ullariga intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha hujjatlar huquqiy markazga xulosa olish uchun taqdim etildi.
Izoh (0)