“Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, O‘zbekistonda kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyat yagona platforma — “hrm.argos.uz” orqali yuritiladi.
Farmonga ko‘ra:
Byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yish maqsadida vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati yagona avtomatlashtirilgan platforma — “hrm.argos.uz” orqali yuritiladi.
Bunda platforma orqali quyidagilar amalga oshiriladi:
- tarkibiy tuzilma, shtat, lavozim va xodimlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to‘plash va unga ishlov berish;
- “hrm.argos.uz” va “edo.ijro.uz” axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron shaklda yuritish;
- xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash;
- kadrlar bo‘yicha maʼlumotlarning elektron arxivini yuritish.
Shuningdek, 2023-yil oktabr oyiga qadar “hrm.argos.uz” tizimi orqali UzASBO dasturiy majmuasi, “E-qaror” tizimi “E-huquqshunos” tizimlariga maʼlumot kiritish imkoniyati yaratiladi.
2023-yil yanvarda kadrlarga oid ish yurituv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilinishi va yuritilishi aytilgandi. Platforma Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz hamda Yagona milliy mehnat tizimi — my.mehnat.uz elektron dasturlari bilan integrallashgan. Xodimlar va mehnatga doir ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllanadi.
Izoh (0)