“Daryo” muxbiri Bahodir Abdullayev iqtisodchi Yuliy Yusupov bilan YTTB yig‘ilishi, iqtisodiyotdagi davlat ulushi, sunʼiy to‘siqlar va o‘yin qoidalari haqida intervyu uyushtirdi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi roli qanday?
YTTB notijorat tashkilot bo‘lib, rivojlanish banki hisoblanadi. Uning tashkilotchilari — davlatlar. Ular bank oldiga foyda ko‘rish maqsadini qo‘ymaydi. Albatta, bank o‘z faoliyatidan foyda ko‘radi, lekin bu rivojlanish uchun, bu pullarni keyinchalik investitsiya qilish imkoniyati bo‘lishi uchun kerak.
Bankning asosiy vazifasi O‘zbekistonga o‘xshagan mamlakatlar rivojlanishida yordam berish hisoblanadi. YTTB kuchli ravishda xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘nalgan. U asosan kreditlar berish, konsalting xizmatlari ko‘rsatish orqali xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlaydi.
Men YTTB bilan ekspert sifatida 2008-yildan buyon hamkorlik qilib kelaman. Bankning 40 dan ortiq loyihalarida ishtirok etganman. Bu loyihalar butun Markaziy Osiyo bo‘ylab amalga oshirilgan. Bank kelajagi bor, muvaffaqiyatli, rivojlanayotgan, tashqi bozorlarga chiqish yoki O‘zbekistonning o‘zida kengayish imkoniyat bor korxonalar bilan ishlaydi, ularga kreditlar beradi, konsultantlarni jalb qiladi. Shuningdek, kompaniya menejmentini boshqa mamlakatlarga tajriba olish uchun jo‘natadi. Bank mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Rossiyalik iqtisodchi Sergey Guriyev YTTB yillik yig‘ilishining o‘zi ishtirok etgan sessiyasida O‘zbekiston tashqi savdosidagi qaramlik haqida gapirib, tashqi savdoda geografik omilning ahamiyati yuqori ekanini taʼkidladi. Lekin ko‘plab bozorlardan uzoqda ekanimiz va shu tufayli logistika harajatlari yuqori ekaniga qaramay, bizda savdo to‘siqlari, shu jumladan, bojlar ham mavjud. Nega bunday deb o‘ylaysiz?
Siz juda ham to‘g‘ri aytyapsiz, savdo geografiya bilan bog‘liq. Biz dengizlardan uzoqda joylashganmiz. Biz, misol uchun, Amerikani qo‘ya turaylik, Yevropa bozorlaridan ham uzoqda joylashganmiz. Lekin shunday geografik muammolarimiz borligiga qaramay, biz o‘zimiz ham muammolar yaratamiz. Geografiya bilan omadimiz kelmaganiga yarasha, to‘siqlarni olib tashlashimiz kerak.
Lekin biz sunʼiy to‘siqlarni olib tashlash o‘rniga, ko‘pincha yangilarini yaratamiz. Lekin adolatli bo‘lishi uchun aytib o‘tish kerakki, o‘tgan yillar davomida bir qator to‘siqlar olib tashlandi. 5 yil oldin, masalan, ancha ko‘p to‘siqlar bor edi. Birgina konvertatsiya bunga misol bo‘la oladi, valyuta konvertatsiyasisiz qanday qilib savdo qilish mumkin axir? Ko‘plab to‘siqlarni olib tashladik, pasaytirdik, lekin baʼzilari hali ham mavjud.
To‘siqlarni kamaytirishda bizga qaysidir maʼnoda pandemiya ham yordam berdi. Pandemiyagacha ko‘plab tovarlarga, shu jumladan, isteʼmol tovarlariga yetarlicha yuqori boj to‘lovlari mavjud edi. Pandemiya davrida ularni olib tashlashdi. Bu bojlar vaqtincha olib tashlangandi va hozirgacha o‘sha vaqtinchalik muddatni uzaytirib kelishmoqda. Shuning uchun qaysidir maʼnoda bizga o‘zimiz istamasak ham pandemiya yordam qildi, bojlarni olib tashlashga majburladi.
Biz o‘zimiz muammo yaratishimiz bo‘yicha boshqa misollar haqida gaplashsak. Masalan, bizning eng katta savdo hamkorimiz bu Rossiya. Lekin bizning Rossiya bilan savdo munosabatlarimiz sezilarli darajada sunʼiy. Chunki, bizda Rossiya bilan boj to‘lovlari yo‘q. Lekin Turkiya, Xitoy yoki MDH erkin savdo hududiga kirmaydigan boshqa mamlakatlar bilan boj to‘lovlari yetarlicha yuqori. Natijada esa, Rossiyadan import qilish foydaliroq bo‘lib qolyapti.
Yaʼni, biz savdomizni diversifikatsiya qilish uchun o‘zimiz to‘siqlar o‘rnatdik, oqibatda esa Rossiyaga bog‘lanib qoldik. Va qachonki Rossiyada muammolar yuzaga kelsa, bizda ham muammolar paydo bo‘ladi.
Demak, tariflarni vaqtincha emas, butunlay pasaytirish kerakmi?
Tariflarni minimallashtirish kerak. Bilasizmi? Bizda to‘siqlar odatda qanday yaratiladi? Bizda amaldorlar haligacha kim va qancha ishlab chiqarishi kerakligini bozor o‘rniga biz hal qilishimiz kerak deb hisoblaydi. Ular biz mana bu ishlab chiqarishga yordam beramiz, imtiyozlar beramiz, soliqlardan ozod qilamiz, arzon kreditlar beramiz deyishadi.
Ular, deylik, ikkita shakar zavodi ochishga yordam beramiz, shakarni o‘zimiz ishlab chiqaramiz deyishdi. Zavodlarni ochishdi, imtiyozlar, qandaydir moliyaviy manbalar berishdi, keyin esa ular raqobatbardosh emasligi maʼlum bo‘ldi. Endi nima qilish kerak? Pul sarflab qo‘yilgani uchun unga achinishadi va kelinglar raqobatdan himoya qilamiz deyishadi. Yaʼni bu muammoni o‘zlari yaratishgan bo‘lishadi. Keyin esa endi nima qilamiz deyishadi.
Mashina ishlab chiqarishda ham huddi shunday vaziyat. Bizda 90-yillarda, mashina ishlab chiqarish boshlanganda boj to‘lovlarini ko‘tarishdi va 3 yil, 3 yildan keyin tariflarni tushiramiz deyishdi. Oradan necha yil o‘tdi? Bu muammo haligacha mavjud. Endi bizga bojlarni tushirolmaymiz, agar tushirsak, bizning “avtoprom” raqobatbardosh bo‘lmay qoladi va odamlar ishsiz qoladi deyishyapti.
Birinchidan, biz agar bojlar olib tashlansa, odamlar ishsiz qoladimi yoki zavod raqobatbardosh bo‘lmay qoladimi bilmaymiz. Chunki, bizning “avtoprom” biron kun ham raqobat sharotida yashab ko‘rmagan. Biz unga o‘zini sinab ko‘rish uchun bironta imkoniyat bermaganmiz. Hech kim buni bilmaydi. Eng asosiysi, o‘zlari sunʼiy bir struktura yaratishdi va endilikda sunʼiy yo‘l bilan uni qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Bugungi yig‘ilishda davlat korxonalarini xususiylashtirish haqida juda ham ko‘p gap bormoqda. Tushunishim bo‘yicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning ulushi juda ham yuqori. Shundan kelib chiqsak, davlat korxonalarini xususiylashtirish va umuman iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish nima uchun muhim?
Bizda yalpi ichki mahsulotning yarmidan ko‘pi davlat sektorida ishlab chiqariladi. Bizda juda ham ko‘p davlat korxonalari bor. Bizda tijorat banklari aktivlarining 80 foizi davlat banklariga tegishli. Masalan, Amerikani olsangiz u yerda bironta ham davlat korxonasi yo‘q. Bizda esa davlat korxonalari hukmronlik qiladi.
Bu nima uchun yomon? Chunki, davlat — yomon menejer. Davlatning shug‘ullanishi lozim bo‘lgan o‘z vazifalari bor. Juda ham ko‘p muhim ishlar bor. Bozor iqtisodiyotida tovar va xizmatlar ishlab chiqarish bilan davlat shug‘ullanmaydi, bu bozorning ishi. Bu ish bilan davlat korxonasi shug‘ullansa, tovar sifatli bo‘lishi, ortiqcha harajatlar kamayishi uchun o‘tirib o‘ylaydigan haqiqiy xo‘jayin bo‘lmaydi. Amaldorlarga buning nima keragi bor? Ular foyda olmaydi-ku.
Tadbirkor esa, o‘tirib, xarajatlarni kamaytirish yo‘lini topsa foydasi oshadi. Amaldorlarda nima oshadi? Buning ustiga, bunday korxonalarda korrupsiya uchun imkoniyatlar katta bo‘ladi. Chunki, yuqorida aytilganidek, korxonaning egasi bo‘lmaydi. Davlat korxonasining yana bir yomon tomoni, qachonki u mavjud bo‘lsa, biz gaplashganimizdek davlat uni himoya qilishga harakat qiladi. Turli to‘siqlar yaratadi, korxona esa raqobatlashmaydi va tabiiyki, samarali bo‘la olmaydi.
Shu sababdan, yaqin yillarda bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri bu yoppasiga xususiylashtirish hisoblanadi. Biz davlatning 50 foizlik ulushini hech bo‘lmaganda 25 foizga kamaytirishimiz kerak. Bu juda muhim masala. Sababi, busiz harakatlanishning iloji bo‘lmaydi.
Bu orqali yalpi ichki mahsulot o‘sishi suratini tezlashtirish mumkinmi?
Albatta, chunki xususiy sektor samaraliroq. Buning ustiga, avvalroq taʼkidlaganimdek, iqtisodiyotda davlat ulushi yuqori bo‘lsa, u raqobatni yo‘q qiladi. Shuning uchun ham, xususiylashtirish orqali biz birdaniga ikkita mexanizm: shaxsiy manfaatlar va raqobatni ishga tushiramiz.
Shu sababli YTTB ham xususiylashtirish jarayonini asosiy maqsadlardan biri qilib belgilab olganmi?
Albatta, barcha aqlli xalqaro tashkilotlar, iqtisodchilar xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat bozorda shuncha katta o‘rin egallaydigan yerda buning teskarisini tasavvur qilish ham qiyin.
Masalan, Germaniyada shunday prinsip bor: davlat korxonasini xususiylashtirish haqida gap ketganda ular korxonani xususiylashtirish kerak emasligi isbotlab berishni so‘rashadi. Agar isbotlashning imkoni bo‘lmasa, korxona xususiylashtiriladi. Bizda esa teskarisi, korxonani xususiylashtirish kerakligini isbotlab ber deyishadi.
To‘g‘ri tushungan bo‘lsam, YTTB vaziyatni quyidagicha baholayapti: kam taʼminangan insonlarning moliyaviy holatini yaxshilash kerak, buning uchun bozorga asoslangan, raqobatbardosh iqtisodiyot qurish kerak, buning uchun esa davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish kerak. Shundaymi?
To‘ppa-to‘g‘ri. Guriyev sessiyada to‘g‘ri taʼkidlab o‘tdi. O‘zi bu umuman faqat Guriyevning emas, barcha iqtisodchilarning fikri. Kambag‘alikka qarshi kurashishdagi eng asosiy vosita bu iqtisodiy o‘sish. Agar o‘sish bo‘lmasa, siz daromadlarni qayta taqsimlashingiz mumkin, lekin umumiy kambag‘alikni kamaytira olmaysiz. To‘g‘ri, iqtisodiy o‘sishning o‘zi yetarli emas. Chunki, iqtisodiyot juda tez o‘sishi, lekin barcha daromadlar kichik guruh o‘rtasida taqsimlanishi ham mumkin. Yaʼni, taqsimot ham ahamiyatga ega. Lekin iqtisodiy o‘sishsiz siz aniq kambag‘allikni yenga olmaysiz.
O‘sish bo‘lishi uchun esa xususiy mulk, raqobat va aniq o‘yin qoidalari bo‘lishi kerak. Aslida, davlatning birinchi raqamli vazifasi ham aynan shu — normal o‘yin qoidalarini yaratish. Bu qoidalar bo‘yicha esa hech qanday imtiyoz oluvchi “sevimlilar” bo‘lmasligi, kuchli raqobat bo‘lishi, bozorda barcha uchun bir xil imkoniyatlar bo‘lishi kerak. Shunda bozor qonunlari normal ishlay boshlaydi, bu esa samaradorlikni oshirib, iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi.
Izoh (0)