Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududida bir necha kunlik yomg‘irdan so‘ng do‘l yog‘di.
“Daryo”ga Ustyurt hududida joylashgan “Qoraqalpog‘iston” posyolkasi turg‘unlarining maʼlum qilishicha, holat kecha, 17-mayda sodir bo‘lgan.
“Daryo” bilan suhbatlashgan ovul (posyolka) odamlarining aytishicha, mazkur hududda besh kundan beri vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘moqda.
“Qoraqalpog‘iston” posyolkasi Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani, Ustyurt tekisligida joylashgan. U respublikaning eng chekka hududi hisoblanadi. Ovulni markaz Nukusdan taxminan 500 km masofa ajratib turadi.
Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovning yozishicha, Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosi hududlarida do‘l hodisalari kamdan kam kuzatiladi. Chunki, bu hududga har doim nam havo oqimlari kirib kelganda havoda chang bilan bog‘liq mayda zarrachalar yetarli bo‘lgan va bu holat oldinlari do‘l yog‘ishi oldini olib kelgan. Ammo, 14-maydan beri Ustyurtda yog‘ayotgan davomli va juda ko‘p yomg‘irlar cho‘l havosini tog‘ havosi kabi tozalab qo‘ygan.
Izoh (0)