“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand Angliya futbol jurnalistlari assotsiatsiyasi talqiniga ko‘ra yilning yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Norvegiyalik forvardga ishtirokchilarning 82 foizi ovoz bergan va Holand ta’qibchilarini rekord darajadagi farq bilan ortda qoldirib, birinchi o‘rinni olgan. Qayd etish kerak, tashkilot saytida avvaliga futbolchi 72% ovoz bilan g‘alaba qozongani e’lon qilingandi, keyinroq raqamlar to‘g‘rilangan.
Ikkinchi o‘rinni “Arsenal” vingeri Bukayo Saka egallagan, uchinchi o‘rinda “kanonirlar” yarim himoyachi Martin Edegor qayd etilgan. Shuningdek, Kevin de Bryuyne (“Manchester Siti”) va Markus Reshford (“Manchester Yunayted”) kuchli beshlikdan o‘rin olgan.
Holand Angliyadagi ilk mavsumini o‘tkazmoqda. Futbolchi joriy mavsum barcha musobaqalar doirasida 47 ta o‘yin o‘tkazib, 51 gol va 8 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Avvalroq Holand Angliya chempionati bir mavsumida urilgan gollar soni (35) bo‘yicha rekord qayd etgandi.
Izoh (0)