“O‘zgidromet” bahorning so‘nggi oyida qanday ob-havo kutilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2023-yilda may quruq va iliq ob-havo bilan boshlandi — 1-may kuni havo harorati 30-33 daraja atrofida bo‘ldi. Hafta davomida havo harorati biroz pasayadi va kunduzi 23-28 darajani tashkil etadi, o‘n kunlikning eng oxirida esa harorat yana ko‘tarila boshlaydi.
Keyinchalik may oyining oxirigacha harorat kechalari 10-13 darajadan 17-20 darajagacha, kunduz kunlari 22-25 darajadan 32-35 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 10-maygacha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 4-may kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda, 6–7-may kunlari respublikaning qolgan hududlarida asosan jadalligi past bo‘lgan momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
“Umuman olganda, may oyida yog‘ingarchilik me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ammo shuni esdan chiqarmasligimiz joizki, may oyida ob-havo o‘zgaruvchandir. Ko‘pincha may oyida kuchli jala yomg‘irlar yog‘adi, bunda bir necha soat ichida oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmigacha yoki undan ko‘p qismi yog‘ishi kuzatiladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)