Tailanda kuzatilayotgan ekstremal ob-havo sharoiti inson tanasi bardosh bera olmaydigan darajaga yetmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mutaxassislar jazirama yoz oxirigacha davom etishi va bu odamlarning salomatligiga salbiy ta’sir qilishidan ogohlantirmoqda. Yuqori harorat va namlikda inson tanasi sovishi qiyinlashadi, chunki nam havoda ter bug‘lanib keta olmaydi.
Bu organizm uchun jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin, chunki 40 darajadan yuqori haroratda tana gipertermik bo‘ladi. Bu yurakning tez urishi, hushdan ketish va hatto koma holatiga ham olib kelishi mumkin.
Tailand hukumati shu sababli odamlarni uyda qolishga chaqirmoqda, chunki ayrim joylarda issiqlik indeksi allaqachon 54 darajaga chiqqan. Meteorologiya departamenti butun mamlakat bo‘ylab ogohlantirishlar e’lon qilgan.
Mamlakat sharqida, shuningdek, janubiy va Pxuket orolida issiqlik indeksi Selsiy bo‘yicha 54 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bangkokda so‘nggi bir necha kun ichida harorat Selsiy bo‘yicha 37 daraja atrofida bo‘lgan, bu namlik bilan birga 40 darajani tashkil qiladi.
Havo haroratining isishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, dehqonlar tomonidan dalalarning noqonuniy yondirilishi havo sifatining yomonlashishiga olib kelishi mumkin.
Izoh (0)