Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ekspertlari Hindiston va Xitoy aholining ommaviy qarishiga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini aytdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Agar davlatlar hozir buni amalga oshirmasa, kelajakda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta sohasida jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin. Yaqin kelajakda Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirishi kutilmoqda. Biroq hozirda har ikki davlat ham aholining qarishi bilan bog‘liq murakkab muammolarga duch kelmoqda.
BMTning 24-aprel kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilishicha, 65 yoshdan oshganlar soni Hindiston va Xitoyda qariyb ikki barobar ortadi. Bularning barchasi kelgusi bir necha yil ichida sodir bo‘ladi va sog‘liqni saqlash, ijtimoiy sug‘urta tizimlariga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi.
Shu bilan birga, Hindiston aholisi kelgusi bir necha o‘n yilliklarda o‘sadi, Xitoy aholisi esa kamayadi. Bu yil mamlakat aholisi 1960-yillardan beri birinchi marta kamaydi. Oxirgi uch yil ichida Xitoyning mehnatga layoqatli aholisi 41 milliondan ortiq kishiga qisqardi, bu taxminan Germaniyadagi barcha mehnatga layoqatli odamlar soniga teng.
“Ikkala davlat ham ijtimoiy himoyani, soni ortib borayotgan keksalarning salomatligi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha chora ko‘rishi kerak”, — deyiladi BMT hisobotida.
Izoh (0)