Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida shifokor bemorning turmush o‘rtog‘i va uch-to‘rt nafar erkaklar tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati “Daryo”ga ushbu holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, 2023-yilning 23-aprel kuni shifokor B.S. Asaka tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch qabul bo‘limida navbatchilikni o‘tayotganida tungi soat 24:00 lar atrofida tez tibbiy yordam mashinasida hushsiz holatda olib kelingan bemor D.D.ga zaruriy muolajalar buyurib, uning atrof muhitga reaksiyasini tekshirgan.
Bemor hushiga kelgach, hushsiz holatda yotganida shifokor unga tegajog‘lik qilgan degan vaj bilan janjal chiqargan. Dahanaki janjaldan so‘ng bemor va turmush o‘rtog‘i shifokorning telefon raqamini olib ketish bilan kifoyalangan. Biroq ertasi kuni ayolning turmush o‘rtog‘i va u bilan birga kelgan uch-to‘rt nafar erkak Asaka tumanidagi “Hayot shifo” xususiy shifoxonasida navbatchilik o‘tayotgan B.S.ni telefon orqali ko‘chaga chaqirib, ayovsiz kaltaklagan.
B.S. olingan jarohatlar og‘riqlari kuchayganligi sababli respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filiali travmatologiya bo‘limiga olib borilgan. Dastlabki tekshiruvlarga asosan unga miya chayqalishi, chap quloq shikastlanishi tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Andijonda 64 yoshli shifokor bemorning eri tomonidan kaltaklangani haqida xabar qilingandi.
Izoh (0)