Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2021-yil fevral oyi oxiri va mart oyi boshida keng ko‘lamli urushga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qilgan. “Vyorstka” nashri tegishli surishtiruv materialini e’lon qildi.
To‘liq miqyosdagi urushga tayyorgarlik yuqori darajadagi maxfiylikda o‘tgan. Biroq 2021-yilning yozidan boshlab mumkin bo‘lgan urush haqidagi gaplar Kremlga yaqin odamlar orasida aylangan.
2022-yil 12-iyulda Kreml saytida Putinning “ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi to‘g‘risida”gi maqolasi paydo bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning matni ko‘p marta o‘zgargan va variantlardan birida urush boshlash ehtimoli haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid mavjud edi. Yakuniy versiyadan mazkur tahdid olib tashlangan.
Nashr manbalariga ko‘ra, urushdan uch oy oldin ruslar Ukrainani yirik korporatsiyalar o‘rtasida qanday qilib bo‘lishni muhokama qilgan. Bunga asosan har bir hududning rivojlanishi uchun Kremlga yaqin davlat yoki xususiy korporatsiyalardan biri mas’ul bo‘lishi kerak edi.
Putinga yaqin bo‘lgan uchta manba Rossiya prezidentining bosqinchilikka kirishishidagi “so‘nggi tomchi” uning cho‘qintirgan otasi Viktor Medvedchukning kanallariga qarshi sanksiyalar bo‘lganini tasdiqladi.
“Medvedchukdan televideniye va partiya tortib olinganidan keyin urush boshlandi. Bu haqiqatan ham Putinni hayratda qoldirdi. U buni shaxsiy hujum sifatida qabul qildi”, — deb tushuntirdi Rossiya prezidentining uzoq yillik tanishlaridan biri.
Shu bilan birga, Putinning o‘zi Medvedchuk bilan bosqin haqida maslahatlashmagan. Putin bilan doimiy aloqada bo‘lgan yagona shaxs uning do‘sti Yuriy Kovalchuk edi. Ikki manba aynan u Rossiya prezidentining qarorida hal qiluvchi rol o‘ynaganini tasdiqlaydi. Pandemiya paytida faqat Kovalchuk karantin o‘tamaslik uchun Putinning qarorgohini tark etmagan.
Shu bilan birga, mudofaa vaziri Sergey Shoygu Putinning qarori yuzasidan “bahslashmagan, balki undan quvongan”.
“U armiyaning ahvolini tushunmagandi va qiziqdi. Shoygu Rossiya rahbari bilmagan narsani bilishiga ishondi va haqiqatan ham Qrimni anneksiya qilishdan jiddiyroq narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylardi”, — deydi Putinning eski do‘stlaridan biri.
“Bu deyarli butun elita qarshi bo'lgan urush. Men Rossiyadagi xo'jayinlar bilan gaplashaman, hokimiyatning eng yuqori eshelonlaridan hujumni yoqlaydigan bironta ham odam yo'q. Ammo ular bir jamoa bo‘lib ishlashi kerakligini tushunadi”, — deydi Kremlning sobiq amaldori Rossiya rasmiylari bilan shaxsiy suhbatlariga tayanib.
Izoh (0)