Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 5–6-may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi.
Infantino boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida O‘zbekistondagi futbol infratuzilmasi bilan tanishadi va FIFA bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan terma jamoalar bazasini (“Do‘stlik”) ko‘zdan kechiradi. Shuningdek, FIFA rahbari O‘FA mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Qayd etish kerak, Janni Infantino FIFA prezidenti sifatida O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyuradi. 2017-yil Infantino O‘zbekistonga borish niyatida ekanini aytgan, biroq bu tashrif amalga oshmagandi.
Avvalroq Infantino Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) kongressida qatnashish uchun 1-may kuni Tojikistonga tashrif buyurishi ma’lum bo‘lgandi. Katta ehtimol bilan funksioner Markaziy Osiyoga tashrifi jarayonida Tojikistondan keyin O‘zbekistonga keladi.
Markaziy Osiyo terma jamoalari ishtirokidagi CAFA musobaqasiga O‘zbekiston va Qirg‘iziston mamlakatlari mezbonlik qiladi. Musobaqa 9—21-iyun kunlari o‘tkaziladi.
Izoh (0)