Majburiy ijro byurosining Nukus shahar bo‘limi tomonidan 3 nafar xodimning ish haqi undirib berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2021 va 2022-yillar davomidagi 4 dona ijro varaqasiga asosan, qarzdor “Nukus poligraf kombinati” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi mazkur jamiyatning 3 nafar xodimi foydasiga 50 million so‘mdan ziyod ish haqlarini undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro varaqalari Majburiy ijro byurosining Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor jamiyatning hisob raqamiga band solingan va tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, javoblari olingan. Qarzdorning nomida Nukus shahri Qoraqalpog‘iston ko‘chasida joylashgan ko‘chmas mulk aniqlanib, davlat ijrochisi tomonidan xatlovga olingan. Shuningdek, qarzdor jamiyat rahbari qarzdorlikni berilgan ixtiyoriy muddatda to‘lamagani sababli, tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdorlik to‘liq undirilib, haqdorlarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilishi taʼminlandi.
Qarzdorlikni undirish
Mart oxirlarida Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan 126 nafar ishchi-xodimning ish haqlari, shuningdek, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida fuqaroga xonadonning yarim milliard so‘m miqdoridagi ulushi undirib berilgandi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2022-yilda Mehnat inspeksiyasi tomonidan kasaba uyushma a’zolariga qariyb 54 milliard so‘m zarar pullari undirib berilgan.
Izoh (0)