Namangan viloyati Norin tumanidagi fitnes klubda yigitlar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Norin tumanida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan fuqaro 14-mart kuni soat 20:40 larda ikki nafar do‘sti bilan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, jamoat joyi hisoblangan “Bo‘z O‘lmas” mahallasida joylashgan fitnes klubda janjal sodir etgan. Ular o‘zlariga tanish bo‘lgan 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan uning yelkasiga tegib ketganini bahona qilib, o‘zaro janjallashgan.
Yigitlar mazkur fuqaroni qo‘l va oyoqlarini urib, do‘pposlab, qasddan unga tan jarohati yetkazgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosasida jabrlanuvchining tanasida o‘ng qosh sohasi, o‘ng pastki lab sohasida choklangan jarohati, o‘ng yuqori qovoq va pastki qovoq sohasida qontalash ko‘rinishdagi tan jarohati mavjudligi, ushbu tan jarohati og‘irlik darajasiga ko‘ra, sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohatlari guruhiga kirishi ko‘rsatilgan.
Tergov bo‘linmasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqarolarga nisbatan garov tariqasida ehtiyot chorasi tanlangan. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tamomlanib, tegishli sud muhokamasiga yuborilgan.
Izoh (0)