Ayni paytda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Xitoydan olib kelingan 268 ta avtobus va elektrobuslarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu jamoat transporti vositalarining 101 tasi elektrobus, 109 tasi gazda harakatlanuvchi (12 metrli) avtobus, 48 tasi katta sig‘imli (“garmoshka”) avtobuslardir. Mazkur avtobus va elektrobuslar King long va Yutong kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
“Xitoydan may oyigacha jami mingta avtobus va elektrobuslar olib kelish rejalashtirilgan”, — deydi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.
Xitoyning Yutong Bus Co Ltd kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, 2023-yilning mart oyi yakuniga qadar Yutong avtobuslarning 1-partiyasi, ya’ni 110 dona avtobus va 150 dona elektrobuslar O‘zbekistonga yetkazib berilishi kutilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Davlat rahbari 13-dekabr kuni Uchtepa tumani faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi. “Jamoat transportini isloh qilishimiz zarur. Yutuqlar bilan birga, kamchiliklarimiz ham juda ko‘p”, — degandi prezident.
Izoh (0)