Rahimjon Boboyev Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rahimjon Boboyev bugunga qadar Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
U 1976-yili Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. 1999-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — menejment, boshqaruv menejmenti. Boboyev mehnat faoliyati davomida “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi Moliya va buxgalteriya hisobi boshqarmasi boshlig‘i, Boyovut va Xovos tumanlari hokimi lavozimlari faoliyat yuritgan.
2022-yil noyabrda Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Akmal Mahmudaliyev zimmasiga Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajarish yuklatilgan. Viloyatning undan oldingi hokimi G‘ofurjon Mirzayev esa prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.
Avvalroq Anvar Oripov Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani, Baxtiyor Rahmonov yana Toshkent hokimi o‘rinbosarligiga qaytgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)