Toshkent shahar Bektemir tumanida tez yordam mashinasida olib ketilayotgan ayol tibbiyot xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, salondagi jihozlarni tepib sindirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, ayol spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, 29-mart kuni soat 18:00 larda uyidagi oilaviy mojaro sababli qo‘lini kesgan ayol — 1987-yilda tug‘ilgan T.T. tez tibbiy yordam mashinasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun olib ketilayotgan vaqtda ushbu holatni sodir etgan. U Bektemir tumani, Husayn Boyqaro ko‘chasida tibbiyot xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, salondagi maxsus jihozlarni tepib sindirgan.
“Bordik, kasalni ko‘rdik. Qo‘li kesilgan, qon ketib yotibdi. Birinchi yordam ko‘rsatdim, aseptik bog‘loq qo‘ydim… Shifoxonaga olib ketish jarayonida, asabiylashib, oyoq-qo‘li bilan hamma yoqni urib-tepdi, haqoratli so‘zlar bilan so‘kdi. Ayolda ozgina spirtli ichimlik ta’siri kuzatildi”, — deydi tez yordam xodimi.
Haydovchi fuqaroni tinchlantirish maqsadida avtomashinani to‘xtatgan vaqtda ayol yonidagi turmush o‘rtog‘i va tibbiyot xodimlarining gapiga qaramasdan, yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan. T.T. transport vositalari harakatlanishi uchun xavfli holatni yuzaga keltirib, jamoat tartibini buzgan, unga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qarshilik qilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan IIO xodimlarining aralashuvi bilan T.T. tibbiyot muassasasiga olib borilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan. “Bektemir tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda, tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deydi poytaxt IIBB axborot xizmati rahbari.
Izoh (0)