Samarqand viloyati Paxtachi tumanida o‘z xonadonida qimorxona tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 29-mart kuni Paxtachi tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati hamda DXX Narpay tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 30 yoshli fuqaro o‘z uyida qimor o‘yinlari tashkil etayotgani aniqlangan.
Ushbu xonadon huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tekshirilganida, 5 nafar shaxs pul evaziga qimor o‘ynayotgani ma’lum bo‘lgan.
Qimorbozlar tomonidan tikilgan 8 million 320 ming so‘m hamda 400 AQSH dollari, o‘yin kartalari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan qimorxona tashkil etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida o‘z uyida qimorxona tashkil etgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)