Janubiy Koreyaning Inchxon shahridan Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lgan Farg‘ona hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat rasmiylari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Inchxon shahar meri Yu Chon Bok bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqot davomida Farg‘ona viloyati bilan Inchxon shahri o‘rtasida iqtisodiy-investitsion aloqalarni hamda ijtimoiy, madaniy boshqa qator sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ijtimoiy, fan-taʼlim, sport, sanʼat va madaniyat yo‘nalishlarida qo‘shma tadbirlarni doimiy tashkil etishga kelishib oldi. Muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyatida Inchxon erkin iqtisodiy zonasi filialini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, ikki shahar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish masalasida olib borilayotgan muzokaralar yakuniy bosqichda ekani qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi bo‘yicha Inchxon shahar merining va Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosarlari boshchiligida Ishchi guruh tuzish, hamkorlik natijalarini har chorak yakuni bo‘yicha onlayn muloqot davomida muhokama qilishga kelishib olindi.
Izoh (0)