“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifi davomida mazkur mamlakatning avtomobilsozlik korxonalari uchun charm mahsulotlarini yetkazib beruvchi JM kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlar sifati, xomashyo bazasi, korxonalarda qo‘llanayotgan zamonaviy texnologiyalar, invest muhit to‘g‘risida Koreya kompaniyasiga batafsil maʼlumot berilgan.
JM kompaniyasi Janubiy Koreyadagi eng yirik charm ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. Bu yerda tayyorlanayotgan charm mahsulotlar asosan Hyundai, Kia, Toyota kompaniyalari avtomobillariga yetkazib beriladi. Kompaniyaning yillik daromadi 250 million dollarni tashkil etadi. 1 milliard dollar evaziga barpo etilgan ishlab chiqarish korxonasi to‘liq Italiya va Germaniya texnologiyalari bilan jihozlangan.
“Muloqotda kompaniya O‘zbekistonda so‘nggi yillarda charmsanoat sohasidagi o‘zgarishlar va yangilanishlardan xabardor ekani, shu sabab charmning ikkilamchi va tayyor holdagi ko‘rinishini aynan mamlakatimizdan xarid qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan yaqindan tanishgan. Shu yerning o‘zida JM kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonning 16 ta hududida tashkil etilgan KSZlari va ularda charmsanoat sohasiga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biznes takliflar taqdim etilgan.
Kompaniya Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochish va u yerda ishlab chiqariladigan charmni Janubiy Koreya bozoriga va avtomobilsizlik sohasidagi yirik kompaniyalarga yetkazib berish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirgan.
Kompaniya delegatsiyasi aprel oyida Toshkentga tashrif buyurib charm ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokarlar o‘tkazishga va amalga oshiriladigan loyihalarni muhokama qilib olishga tayyor ekanini maʼlum qilgan.
Izoh (0)