Qozog‘istonda 2023-yil 19-mart kuni parlament Majilisiga va barcha darajadagi maslahatlarga navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tdi. Mamlakat siyosiy partiyalari saylovda qancha ovoz olgani haqida Markaziy saylov komissiyasiga tayanib, “Daryo”ning Qozog‘istondagi muxbiri xabar berdi.
“Amanat” partiyasi saylovda 53,90 foiz — 3 million 431 ming 510 ovoz bilan yetakchilikni qo‘lga kiritib, parlament ustidan barqaror nazoratni saqlab qoldi. “Ak Jol” (“Oq yo‘l”) demokratik partiyasi katta farq bilan (535 139 ovoz — 8,41 foiz saylovchilar) keyingi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni Qozog‘iston Xalq partiyasi (432 920 ovoz — 6,80 foiz saylovchilar) qo‘lga kiritdi.
Xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasi “Auyl” (“Ovul”) 693 938 ovoz (saylovchilarning 10,90 foizi), “Respublika” 547 154 ovoz (8,59 foiz), Milliy sotsial-demokratik partiya — 331 058 ovoz (5,20 foiz), Ekologlar partiyasi “Baytak” — 146 431 ovoz (2,30 foiz saylovchi) oldi.
“Ovoz berish natijalariga ko‘ra deputatlik mandatlari quyidagicha taqsimlandi: ‘Amanat’ partiyasi — 40 mandat, ‘Auyl’ partiyasi — 8 mandat, ‘Ak Jol’ va ‘Respublika’ partiyalari — oltita mandatdan, Qozog‘iston Xalq partiyasi — 5 mandat, Milliy sotsial-demokratik partiya — 4 mandat”, — dedi MSK raisi Nurlan Abdirov.
Respublikada ahamiyatga molik shaharlarning bir mandatli hududiy saylov okruglarida Daulet Turlixonov Ostonada eng ko‘p ovozni (71 698 ovoz) qo‘lga kiritdi, eng kam ovozni esa Chimkentda Bolatbek Aliyev (19 851 ovoz) to‘plagan.
Qozog‘iston viloyatlarining bir mandatli hududiy saylov okruglari bo‘yicha 238 195 ovoz bilan Aqto‘be viloyatidan Kazibek Alishev yetakchi bo‘ldi. Eng kam ovoz Ulitau viloyatining 28-sonli saylov okrugida Yerbolat Satibaldin (44 406 ovoz) tomonidan qayd etilgan.
Svetlana Shesternyova, Olmaota
Izoh (0)