Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ijaraga berilgan yer maydonini 550 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslarga hukm o‘qildi. Bu haqda “Vaziyat 24” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida firibgarlik va pora berish jinoyatlarini sodir etganlikda ayblangan ikki fuqaroning ishi ko‘rib chiqildi. Ular Bo‘stonliq tumanida davlat tomonidan ijaraga berilgan yer maydonini 550 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan, aslida esa mazkur yer uchun ijara shartnomasi bekor qilingan va yer zaxirasi davlatga qaytarilgan bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 53 yoshli fuqaroga “G‘azalkent” mahallasidagi 11,4 gektar yer maydoni uzoq muddatga vaqtinchalik foydalanish uchun ajratilgan. Ammo u yerni 42 yoshli tanishi bilan kelishib, uchinchi shaxsga sotishni rejalashtirgan va fuqarodan 50 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Sudlanuvchilar sud hukmi bilan aybli deb topilib, ularga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq Toshkent viloyatida 420 gektar yerni 700 ming dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani, Farg‘onada fuqaro qurilishi tugallanmagan futbol maydonini noqonuniy tarzda 150 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgani, Gulistonda hokimlik zaxirasidagi yerni 200 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)