Toshkent viloyati Nurafshon shahrida mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Nurafshon shahar bo‘limi tomonidan Toshkent viloyati DXX boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan. Fuqaro A.U.ga tegishli “Oybek” MFYdagi noturar bino ko‘zdan kechirilganida, xorijiy davlat fuqarosi Y.S. va fuqaro B.R. ushbu binoda 127 ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmalarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Oqibatda ular davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 milliard so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)