Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Agentlikning maʼlum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantlari orasida bank xizmatlari bilan bog‘liq turli firibgarliklarga duch kelish holatlari yuz bermoqda. Xususan, qarindoshlariga pul o‘tkazish maqsadida mobil ilovadan foydalanish jarayonida mehnat migranti hisob raqamidan pul yechib olish yoki uning nomiga yuqori foizli kreditlar rasmiylashtirish kabi muammolar uchramoqda.
Ushbu holatlar bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan qator surishtiruv ishlari boshlangan.
“Shu munosabat bilan yurtdoshlarimizdan bank xizmatlaridan, xususan, pul o‘tkazish tizimlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishni, shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga maʼlum qilmaslikni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsulligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) ko‘magida Rostov viloyati xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlaridagi 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)