O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi doirasida eksport shartnomalari va kreditlarini siyosiy va tijorat risklaridan sug‘urtalash “O‘zbekinvest” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
Mahalliy eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlarni amalga oshirish doirasida 2022-yil yakuniga ko‘ra “O‘zbekinvest” kompaniyasi o‘z zimmasiga 2,14 milliard AQSH dollaridan ortiq sug‘urta majburiyatlarini oldi, bu esa noxomashyo eksport qoplamasining 32 foizini tashkil etdi. 2021-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 1,78 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Foiz miqdorida 2022-yilda qo‘llab-quvvatlash hajmining o‘sishi 2021-yilga nisbatan 120% ni tashkil etdi. 2022-yilda “O‘zbekinvest” sug‘urta xizmatlaridan foydalanuvchi eksportchi korxonalar soni 2017-yilga nisbatan 2 baravar ko‘paydi.
2022-yil davomida eksport risklarini sug‘urtalash polislari bo‘yicha sug‘urta hodisalari yuz berganligi munosabati bilan milliy eksportchilarga 6,1 mlrd so‘m sug‘urta tovonlari to‘lab berildi.
2022-yilda “O‘zbekinvest” eksport geografiyasi kengaytirdi. Kompaniya 30 dan ortiq yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarda, shu jumladan, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ispaniya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, Singapur va boshqa davlatlardan eksport shartnomalari bo‘yicha risklarni qabul qildi.
Joriy yilda kompaniya tomonidan milliy mahsulot va xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash, eksportchilar geografiyasini, sonini, shuningdek, eksport tovarlari nomenklaturasini yanada kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)