Samarqandda o‘zini IIVda ishlashini aytib, ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq masalalarni pul evaziga hal qilib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbir davomida ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992-yil Past Darg‘om tumanida tug‘ilgani, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin bo‘shagani va hozirda vaqtincha ishsiz ekani maʼlum bo‘lgan.
Samarqand shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, o‘zini Ichki ishlar vazirligida ishlashini aytib, nima sababdan IIBga kelganini so‘rab bilgan. Uni qo‘rqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5 ming dollar talab qilgan.
“Fuqaro ham uddaburonlik qilib o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparati yordamida yozib olgan va yozib olingan ovozni IIV SHXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan”, — deyiladi xabarda.
2-mart kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5 ming dollarni miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)