O’zbekistonda bojxona imtiyozlarining muddati 2026-yilgacha uzaytirildi. Bu haqda Bojxona qo’mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko’ra, prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi qaroriga binoan ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Prezidentning 2018-yil 3-maydagi qaroridagi
- charm, mo‘yna xomashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shumg‘ullanuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xomashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod etishni;
- yuqoridagi tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga kiritilmagan, o‘z ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xomashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lash muddatini qonunchilikda belgilangan tartibda kechiktirishni nazarda tutuvchi bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarning muddati 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.
Shuningdek, prezidentning 2021-yil 8-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi xomashyo, materiallar va furnituralarga O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash 2026-yil 1-yanvarga qadar davom etadi.
Izoh (0)