Toshkent shahar Yashnobod tumanida “Begona erkak maktab o‘quvchisini olib qochishga uringani” aytilayotgan videolar tarqaldi. Shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur videoga izoh berdi.
Xabarga ko‘ra, videoda aks etgan holat 19-fevral kuni taxminan soat 12:35 larda Yashnobod tumani Aviasozlar-2 dahasidagi 151-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs shu maktab o‘quvchisi 2011-yilda tug‘ilgan M.O.ni to‘xtatib, qo‘lidan ushlab: “Shu maktabda tahsil olasanmi?” — deb so‘ragan.
Voyaga yetmagan M.O. ushbu shaxsni tanimagani sababli u bilan gaplashmasligini bildirib, qo‘yib yuborishini aytgan, so‘ng uyiga ketgan.
Bola hozirda ota-onasining yonida sog‘-salomat holatda.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. O‘rganishlar jarayonida videoda aks etgan shaxs 1994-yilda tug‘ilgan M.U. ekani aniqlangan.
“Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)