Pensilvaniya universiteti va Piza universitetining arxeologik guruhi Iroq janubida taxminan 5000 yillik deb baholanayotgan qovoqxona qoldiqlarini topdi. Bu haqda Phys.org portali xabar bermoqda.
Qadimiy bino hozirgi Nasiriya shahrining shimoli-sharqida joylashgan qadim shumerlarning Lagash shahri xarobalari o‘rnida bo‘lgan. Qazishmalar natijasida ibtidoiy muzlatkich tizimi qoldiqlari, katta tandir, tashrif buyuruvchilar uchun o‘rindiqlar va 150 ga yaqin kosalar topildi. Idishlarda baliq va hayvonlarning suyaklari qolgan, shuningdek, shumerlar orasida keng tarqalgan pivo iste’moli haqida dalillar mavjud.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu muassasa oddiy odamlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda aholi ovqatlangan va mayxo‘rlik qilgan bo‘lishi mumkin.
Lagash dunyoning dastlabki shaharlardan hisoblanadi, unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ortib qolishi yangi ijtimoiy sinflarning paydo bo‘lishiga imkon bergan. Shahar aholisi dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, shuningdek, tovar ayirboshlash bilan shug‘ullangan.
Kelgusida topilmalar tahlil qilinib, miloddan avvalgi 2700-yillarda qovoqxonalardan foydalangan oddiy odamlarning faoliyati haqida ko‘proq ma’lumot olish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)