Energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida 15-fevral kuni umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoyelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha “CEEC ENERGY CHINA” kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga 2 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritiladi. Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, stansiyalar 2024-yilda to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihalar natijasida yiliga 5,2 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,4 milliard kub/metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Tomonlar ushbu yirik loyihalarning istiqbollari va tez fursatlarda stansiyalar qurilish ishlarini jadal sur’atlarda amalga oshirishga kelishib oldilar.
Izoh (0)