Oʻzbekistonda 2023-yil 1-maydan gaz zapravkalarda onlayn videokameralar oʻrnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy bo‘ladi.
Bu haqda 10-fevral kuni imzolangan “Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmonida belgilandi.
Unga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron oʻlchash uskunalari va onlayn video kameralarini oʻrnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy bo‘ladi.
Paxta, gʻalla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish boʻyicha axborot tizimlarining operatorlari oʻz tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, toʻlov xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar oʻrtasida pul oʻtkazmalari amalga oshirilganda, ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun “0” soʻm boʻlgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.
Izoh (0)