9-fevral kuni Shveysariyaning Credit Suisse banki o‘zining to‘rtinchi choragi va 2022-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotlarini taqdim etdi.
Credit Suisse 2022-yilni 7,3 milliard frank (7,9 milliard dollar) zarar bilan yakunladi, bu 2021-yildagidan bir necha barobar ko‘pdir.
Mazkur ko‘rsatkich global moliyaviy inqiroz sodir bo‘lgan 2008-yildan beri eng katta yillik yo‘qotishdir.
Bankning yil davomidagi daromadi 34 foizga kamayib, 14,9 milliard frankni (16,2 milliard dollar) tashkil etdi. To‘rtinchi chorakdagi daromad esa 33 foizga kamayib, 3,1 milliard frank (3,4 milliard dollar) bo‘ldi.
Choraklik sof zarar 2021-yilning shu davriga nisbatan 1,4 milliard frankni (1,5 milliard dollar) tashkil etdi. Natijalar tahlilchilar kutganidan ham yomonroq bo‘ldi.
Bankning o‘zi 2023-yilning oxirigacha zarar ko‘rib, 2024-yildan foyda olishni kutmoqda. Moliyaviy hisobot e’lon qilingandan keyin Credit Suisse aksiyalari 3,6 foizga arzonlashdi.
Avvalroq Credit Suisse investitsion banki tarixdagi eng og‘ir davrni boshdan kechirayotgani, alohida kompaniyaga aylanish uchun investorlarni qidirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)