O‘zbekistonda 2023-yildan boshlab sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi uchun qulayliklar yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash ishlari boshlanadi. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2023-yilgi davlat dasturi loyihasida qayd etilgan.
Qayd etilishicha, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshiriladi. Sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish instituti laboratoriyalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari maxsus rejimi doirasida bir qator ustuvor loyihalar sinov tarzida amalga oshiriladi.
Jumladan, sun’iy intellekt yordamida avtonom transport vositalari intellektual platformasi ishlab chiqiladi. Aholi harakatlari xaritasi tuziladi. Ekologik holatni monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida ishtirokchilar xavfsizligi ta’minlanadi va yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishi nazorat qilinadi.
Shuningdek, texnologiya maxsus rejimi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- davlat xizmatlaridan inson omilisiz foydalanish;
- o‘zbek tilidagi matnlarni o‘qish jarayonini avtomatlashtirish;
- matnni ovozga (Text-to-Speech) va ovozli ma’lumotlarni matnga (Speech-to-Text) o‘tkazuvchi dasturiy ta’minotni yaratish.
Izoh (0)