Rossiyalik millatchi, Ukrainaga bostirib kirishda qatnashgan Igor Mangushev Lugansk viloyatining anneksiya qilingan qismidagi Staxanov shahri kasalxonasida vafot etdi. Bu haqda uning do‘sti, “harbiy qo‘mondon” Akim Apachev “RIA Novosti”ga ma’lum qildi.
Avvalroq Apachev 4-fevralga o‘tar kechasi Igor Mangushev to‘pponcha bilan boshidan yaralangani, o‘q yaqin masofadan uzilgani haqida aytgandi. 5-fevral kuni Mangushevning rafiqasi Tatyana Azarevich Rossiya Mudofaa vazirligiga murojaatnoma yozib, unda bu voqea “qatlga urinish” bo‘lgani haqida gapirdi.
Akim Apachevning da’vo qilishicha, 7-fevral kuni Mangushevning yaralanishi bo‘yicha ish materiallari Rossiya Tergov qo‘mitasiga topshirilgan, tergovchilar esa gumonlanuvchining shaxsini aniqlashgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi bu haqda rasman izoh bermadi.
Igor Mangushev, “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasining “Surikat” xalq militsiyasi bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilardi. Mangushevning o‘zi 2022-yil mart oyida Meduza nashriga bergan intervyusida o‘zini siyosiy strateg va “LXRning iste’fodagi kapitani” deb atagandi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2010-yillar boshida Mangushev “Svetlaya Rus” millatchilik tashkilotini boshqargan va migratsiya xizmati tomonidan o‘tkazilgan muhojirlarga qarshi reydlarga rus millatchilarini jalb qilgan. Mangushev, shuningdek, o‘zini “YeNOT” xususiy harbiy kompaniyasining asoschisi deb ataydi. Bu guruh a’zolari 2014-yilda Ukrainada jang qilgan, uning tarkibida millatchilar bilan bir qatorda Federal xavfsizlik xizmati zobitlari ham bor edi.
Bundan tashqari Mangushev Meduza nashriga u va uning hamkorlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini ramzi sifatida “Z” belgisini ixtiro qilganini aytgandi.
2022-yil avgust oyida Rossiya OAVlari Igor Mangushev Donetskda LXR harbiylar oldida nutq so‘zlayotib qo‘lida odam bosh suyagini ushlab turgani haqida xabar bergandi. Internetda joylashtirilgan videoda Mangushev bu Mariupoldagi ukrainalik “azovchi”ning bosh suyagi ekanini aytgan. Ukraina ushbu video tufayli BMTga murojaat qilgan.
Izoh (0)