Janubiy koreyalik askar Shimoliy Koreya bilan chegara yaqinida o‘tkazilayotgan mashg‘ulot chog‘ida adashib pulemyotdan o‘t ochdi, deb xabar bermoqda Yonhap agentligi. Harbiylar zudlik bilan KXDRga xabar yo‘llab, otishma qasddan qilinmaganini aytgan.
Sharqiy Gangvondo provinsiyasida mashg‘ulot o‘tayotgan askar pulemyotdan jami to‘rtta o‘q uzgan. Aslida mashg’ulotlar davomida o‘t ochish ham rejalashtirilmagandi. Harbiy qism otishma tasodifan yuz bergani haqida Shimoliy Koreyaga radio orqali bir necha bor ma’lum qilgan, soʻngra favqulodda vaziyatga tayyorgarlik holatini kuchaytirgan.
“Hozircha Shimoliy Koreya tomonidan hech qanday noodatiy harakat belgisi ko‘rinmadi, hodisaning aniq holatlari o‘rganilmoqda”, — dedi harbiy bo‘linma vakili.
2020-yilning may oyida KXDR tomondan otilgan kamida to‘rtta o‘q demilitarizatsiya qilingan hududning markaziy qismidagi Janubiy Koreya qo‘riqlash postiga teggan edi (talafotlar qayd etilmagan). Natijada Janubiy Koreya harbiylari javob o‘qlarini uzgan. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p yillik tinchlikdan so‘ng birinchi to‘qnashuv bo‘lgan.
Izoh (0)