O‘zbek-qirg‘iz chegara masalasining yakuniy hal etilishi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov OAV vakillari uchun bayonotida aytib o‘tdi.
“Bugun biz uchun tarixiy kun. Qirg‘iziston va Oʻzbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini yakunladi, ratifikatsiya yorliqlarini almashdi, qirgʻiz-oʻzbek davlat chegarasi boʻyicha shartnoma tuzdi va shu bilan chegara masalalariga chek qoʻydi.
Ishonchim komilki, chegara masalasining yakuniy hal etilishi qardoshlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, chegaradosh aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi u.
Sadir Japarov O‘zbekiston—Qirg‘iziston munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qilingani, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
“Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Biz ushbu muhim yubileyni qardosh davlatlarga munosib tarzda keng miqyosda nishonlashga kelishib oldik”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Izoh (0)