AQSH hukumati yaqin ikki yil ichida artilleriya snaryadlari ishlab chiqarishni olti baravarga oshirmoqchi. Bu haqda The New York Times gazetasi armiyaning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berdi.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon snaryad ishlab chiqarishni 500 foizga — 14,4 mingtadan 90 mingta va undan ko‘proqqa oshirishni rejalashtirmoqda. Nashr ta’kidlashicha, odatiy o‘q-dorilarni ishlab chiqarish 1950-yillardagi “Koreya urushidan beri misli ko‘rilmagan darajaga” keltiriladi.
AQSH Mudofaa vazirligi rahbariyati 2022-yil sentabr oyida Ukrainaga qurol yetkazib berilishi munosabati bilan artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini uch baravarga, 2023-yil yanvar oyida esa yana ikki baravarga oshirishga qaror qildi.
Gazetada iqtibos keltirilgan armiya hisobotiga ko‘ra, AQSHning ishlab chiqarishni ko‘paytirish rejalari “AQSH mudofaa sanoati bazasini qariyb 40 yil ichidagi eng agressiv modernizatsiyasi qilish” bo‘yicha qadamlarning bir qismidir.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan paytda mojaroning har ikki tomoni ham doimiy ravishda artilleriyadan foydalangan, biroq Rossiyaning zaxiralari tugab qolgan va 2022-yilning iyunidayoq Rossiya Qurolli kuchlari o‘z artilleriyalarining faolligini pasaytirgan, deb yozadi Meduza o‘zining urush haqidagi sharhida.
Artilleriya zarbalari tufayli Rossiya va Ukraina tomonlari eng katta jangovar yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan, AQSH rasmiylariga ko‘ra, har ikki tomon 100 ming odamidan ayrilgan, deyiladi NYT maqolasida.
Urush paytida AQSH va G‘arb davlatlari Ukrainaga topshirgan 155 millimetrli gaubitsalarning uchdan bir qismi ishdan chiqqan va ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan, deya qo‘shimcha qildi NYT.
Izoh (0)