O‘zbekistonlik tadbirkor, Amirsoy tog‘-chang‘i dam olish kompleksi rahbari Ravshan Ubaydullayev Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy Butunjahon iqtisodiy forumida (World Economic Forum 2023) ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, bu katta forum doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorning ilk ishtiroki bo‘ldi. Shu paytgacha mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston vakili ishtirok etmagandi. Ravshan Ubaydullayev forum ishtirokchilari uchun o‘zi boshchilik qilayotgan Amirsoy tog‘-chang‘i kurort zonasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Ravshan Ubaydullayev o‘z chiqishida Amirsoy hududining yaratilishi, uch yil davomida ushbu loyihaning muvaffaqiyati haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonda chang‘i komplekslarini tashkil etish, bu boradagi turizmni rivojlantirishning ahamiyati muhim ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi bu kabi loyihalarning bosh tashabbuskori ekanini alohida qayd etib o‘tdi. Jumladan, Amirsoy dam olish zonasini muvaffaqiyatlarida prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan o‘zi qo‘llab-quvvatlagani ham muhim ahamiyat kasb etganini alohida qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Butunjahon iqtisodiy forumi har yili o‘tkaziladi. Shveysariyaning Davos kurorti mezbonlik qiladigan ushbu global miqyosdagi tadbir bu safar 16—20-yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi. Forumda dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan iqtisodchilari, biznes vakillari, tadbirkorlari ishtirok etadi.
Ushbu forum davlat va xususiy sherikchilik tamoyillari asosida faoliyat yuritadi. Forumga 1971-yilda asos solingan bo‘lib, uning shtab kvartirasi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan.
Izoh (0)