Toshkent aeroportida yangi Centrum Air aviakompaniyasining ilk samolyotlari kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
18-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 19:07 va 19:18 da yangi milliy aviakompaniya Centrum Air’ning ikkita samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
Qayd etilishicha, Litva poytaxti Vilnyusdan yetib kelgan samolyotlarni aviakompaniya rahbariyati, jurnalistlar va aviaspotterlar kutib olgan.
Ikkita Airbus A320-232 Centrum Air kompaniyasining birinchi yo‘lovchi samolyoti bo‘ldi. Yaqin kelajakda aviatashuvchi yana bir yo‘lovchi borti — Boeing 737 ni sotib olishni rejalashtirmoqda.
Centrum Air aviakompaniyasi My Freighter tomonidan tashkil qilingan sho‘ba korxona hisoblanadi. U Dubay, Seul, Jidda, Dehli, Bangkok va boshqa shaharlarga arzonroq parvozlarni amalga oshirmoqchi.
Aviakompaniya allaqachon “centrum-air.com” veb-saytiga ega. My Freighter domenni 13-yanvar kuni ro‘yxatdan o‘tkazgan va saytdagi ma’lumotlar to‘ldirilmoqda.
My Freighter asoschilari tadbirkorlar Hafizjon G‘ofurov va Abdulaziz Abdurahmonov bo‘lib, ular yana bir qancha kompaniyalarga egalik qiladi, bular orasida Smart Soft Development va Revochain Technology kompaniyalari ham bor.
Centrum Air tomonidan dastlabki reyslar joriy yilda amlaga oshirilishi kutilmoqda.
Avvalroq Humo Air Shveysariya kompaniyasiga sotilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)