Farg‘ona shahri va Asaka tumanida imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar va hokim yordamchisi aniqlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “I.” MFY bo‘yicha hokim yordamchisi A.X. aholiga imtiyozli kredit olish uchun tavsiya qilish vakolati berilganidan foydalanib, “Sh.” XK rahbari I.I. va fuqaro T.T. (firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirib, soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali ushbu MFYda yashamaydigan 2 nafar fuqaro nomiga jami 61,5 million so‘m imtiyozli kredit ajratishga erishgani aniqlangan. U ushbu mablag‘larni talon-toroj qilgan.
Shuningdek, departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan M.H. “N.” MFY bo‘yicha hokimning sobiq yordamchisi M.J. bilan o‘zaro til biriktirib, 2022-yilning avgust—oktabr oylarida 7 nafar fuqaroga parrandachilik bilan shug‘ullanish uchun 229,7 million so‘m imtiyozli kredit ajratishga erishgani aniqlangan. Ta’minotchi korxonalardan tovuqlarni qabul qilib olib, fuqarolarga yetkazib bermagan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)