“Rus sidyashaya” jamg‘armasi rahbari, jurnalist Olga Romanova “Vagner” guruhiga Rossiya qamoqxonalaridagi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Afrika mahbuslari yollanayotgani haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukrainadagi urushga xorijiy fuqarolarni yollash noqonuniy hisoblanadi. “Rossiyadagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonuniga binoan, chet el fuqarolari harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin emas.
“‘Vagner’ amalga oshirayotgan hamma narsa noqonuniy, shuning uchun ularga noqonuniylik darajasi ahamiyatsiz. Ha, urushga chet ellik mahbuslar yollanmoqda va ular o‘lmoqda. Biz Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini suddan tashqari qatl qilish holatlarini ham bilamiz”, — degan Romanova.
Avvalroq AQSH “Vagner” guruhi Ukrainadagi urushga 40 000 mahbus yuborganini ma’lum qilgandi. “Vagnerchilar”ning 90 foizi mahbuslardan iborat ekani qayd etilgan. Yanvar oyida Lugansk viloyatida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi o‘quv markazidan olti mahbus qochib ketgan, ular orasida O‘zbekiston, Belarus va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lgan. Yollanma jangchilar jangovar harakatlar zonasiga ketishi kerak bo‘lgan paytda qochib ketgan.
Bundan tashqari “Vagner” chechenistonlik mahbuslarni ham Ukrainaga qarshi urushga jalb qilishni boshlagan. Rossiyada ayol mahbuslar ham urushga yollangan. Ukraina qurolli kuchlari Rossiya urushdagi yo‘qotishlarini O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan mehnat muhojirlari hisobiga to‘ldirayotganini qayd etgan.
Izoh (0)