Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rojdestvo munosabati bilan sulh e’lon qilish haqidagi taklifiga o‘z munosabatini bildirdi. Ukraina yetakchisi fikricha, Rossiya shu bahona ostida Ukraina va Yevropaga qarshi “tajovuzning yangi to‘lqini”ga tayyorlanmoqda.
Zelenskiyning fikricha, Rossiya chegara chizig‘ida o‘z pozitsiyalarini kuchaytirish uchun jimjitlik rejimidan foydalanmoqchi. “Ular Rojdestvodan niqob sifatida foydalanib, yigitlarimizning Donbassdagi yurishlarini biroz vaqtga bo‘lsa-da, to‘xtatmoqchi hamda texnika, o‘q-dori va safarbar etilganlarni bizning pozitsiyalarimizga yaqinroq olib bormoqchi”, — dedi Ukraina prezidenti o‘z videomurojaatida.
Dastlab Rojdestvo munosabati bilan yarashuvni patriarx Kirill taklif qilgandi. Putin shundna keyin jangovar to‘qnashuvlar chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy qilishni buyurdi va Ukraina tomonini ham shunday qilishga chaqirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi topshiriqni bajarishni boshlaganini ma’lum qildi.
Ukraina hukumati dastlab tashabbusga ishonchsizlik bilan qaradi. Xususan, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak taklifni “surbetlarcha qurilgan qopqon va propaganda” deb atadi. Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev tashabbusni jiddiy qabul qilmasligini aytib, Zelenskiy avvalroq “o‘nta qadamdan iborat aniq-ravshan tinchlik formulasini taklif etgani”ni eslatdi.
Yevropa tashqi siyosaiy xizmati rasmiy vakili Peter Stano Yevroittifoq e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatsihga ishonch bilan qaramasligini aytdi. Uning fikricha, bu “Rossiyaning zaxiralarni to‘ldirish, qo‘shinlarini qaytadan guruhlash yoki putur yetgan xalqaro obro‘sini qayta tiklashga urinishiga o‘xshaydi”.
BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik tashkilot jangovar harakatlarni to‘xtatish ehtimolini doim olqishlashini aytdi. Shu bilan birga, u BMT “bu urushning xalqaro huquq va BMT ustaviga muvofiq yakunlanishi” tarafdori ekanini ta’kidlab, tashkilot bu maqsadga erishishda ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)