Moliya vazirligi 2023-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Soliq stavkalari
Foyda solig‘i (15 foiz, alohida toifalar uchun — 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (1,5 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (budjet tashkilotlari — 25 foiz, qolganlar — 12 foiz) bo‘yicha stavkalar saqlab qolinmoqda.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)
Soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish muddatlari saqlab qolinmoqda.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilmoqda.
Qoplanadigan (qaytariladigan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirilmoqda.
Bekor qilingan imtiyozlar
2023-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinmoqda:
- budjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha aylanma;
- pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha
- aylanma;
- budjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion
- ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
2023-yilning 1-iyulidan boshlab esa O‘zbekiston Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari xizmatlari bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar ham bekor qilinadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari O‘zbekiston Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etilishi mumkin.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab joriy qilinadigan tartibga ko‘ra, guvohnomaning amal qilish muddati to‘xtatilganligi munosabati bilan hisobga qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasiga, guvohnomaning amal qilish muddati tiklangan taqdirda, soliq to‘lovchida va uning xaridorlarida guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davr uchun tuzatishlar kiritilishi (hisobga qabul qilinishi) nazarda tutilmoqda.
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasida hisobda turadigan soliq to‘lovchilarga tovarlarni import qilish chog‘ida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovi hisobiga budjetdan qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish huquqi berilmoqda.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘zaro hisobga olish soliq va bojxona organlari tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
Aksiz solig‘i
Soliq to‘lovchilarning toifasi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash muddatlari saqlab qolinmoqda.
2023-yilning 1-fevralidan boshlab neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab alkogol mahsulotlarini (kuchsiz alkogolli ichimliklar bundan mustasno) ishlab chiqarishda aksiz solig‘i aksiz to‘lanadigan mahsulot tarkibidagi etil spirtining ulushidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Bunda ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotining o‘lchov birligi “litr” deb belgilandi (ilgari “dal” edi).
2022-yilda aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkasi 1 dal uchun 138 000 so‘m (yoki 1 litr uchun 13 800 so‘m) miqdorida belgilangan edi.
2023-yilda ushbu mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkasi aksiz to‘lanadigan tovar tarkibidagi suv qo‘shilmagan etil spirtining 1 litri uchun 34 500 so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Masalan, aroq tarkibidagi etil spirti ulushi 40 foizni tashkil etadi, 1 litr uchun aksiz solig‘i summasi 13 800 so‘mni (34 500 so‘m x 40 foiz), 2023-yilning 1-fevralidan boshlab esa indeksatsiyani hisobga olgan holda — 15 200 so‘mni (38 000 so‘m x 40 foiz) tashkil etadi.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab oziq-ovqat xomashyosidan rektifikatsiyalangan etil spirti, efiraldegidli fraksiyadan texnik rektifikatsiyalangan etil spirti va asosiy fraksiyadan etil spirtiga aksiz solig‘i stavkasi 5 baravarga oshiriladi va 1 litr uchun 7 450 so‘mni tashkil etadi.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlarini import qilishda aksiz solig‘i stavkalari 5 foizga pasaytirilmoqda.
Foyda solig‘i
Soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqning stavkalari, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda.
2022-yil 1-noyabrdan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan foydaga, eksportdan olingan daromadning jami daromaddagi ulushidan qat’iy nazar, 0 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim.
Bunda 2023-yil 1-yanvardan boshlab doimiy muassasalar orqali O‘zbekistonda faoliyatni amalga oshiruvchi O‘zbekiston norezidentlariga xizmatlar ko‘rsatishdan olingan foyda bo‘yicha 0 foiz miqdoridagi soliq stavkasi qo‘llanilmaydi.
Foydali qazilmalar kavlab olinadigan konlarda tog‘ jinslarini olib tashlash ishlari istiqbolni ko‘zlab amalga oshirilishini inobatga olgan holda, ular alohida amortizatsiya aktivlari guruhiga o‘tkazildi.
Ushbu xarajatlar mazkur amortizatsiyalanadigan aktiv bo‘yicha amortizatsiya normasini, biroq bir yilda jamg‘arilgan xarajatlar summasining 33 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda, qo‘llash orqali soliq to‘lovchining jami daromadidan amortizatsiya ajratmalari ko‘rinishida chegirilishi nazarda tutilgan.
2022-yildan boshlab faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident tasarrufida soliq to‘langanidan keyin qoladigan sof foyda dividendlarga tenglashtirilgan va unga 10 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim bo‘lgan.
Faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan pasaytirilgan soliq stavkasini qo‘llashga haqli ekanini nazarda tutuvchi aniqlashtirish kiritildi.
Dividendlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha soliq solish masalalariga doir O‘zbekistonning xalqaro shartnomasida bir nechta pasaytirilgan soliq stavkasi nazarda tutilgan bo‘lsa, ularning eng past bo‘lgani qo‘llaniladi.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab norezidentning montaj qilish va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari va boshqa shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘rsatishini nazarda tutuvchi asbob-uskunalarni sotib olish (sotish) uchun tashqi savdo kontrakti doirasida, ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati alohida ko‘rsatilmasa, u holda norezidentning soliq solinadigan daromadi bunday xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi (ilgari – asbob-uskunalar qiymatining 20 foizi).
Soliq bo‘yicha avans to‘lovlari summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani soliq organlariga taqdim etish muddatiga o‘zgartirish kiritildi.
Xususan, 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab soliq to‘lovchi ushbu ma’lumotnomani joriy chorakda olinishi kutilayotgan foyda summasidan kelib chiqib keyingi chorakdagi birinchi oyning 15-sanasigacha (ilgari 10-sanasigacha) taqdim etishga haqli.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq
Soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqlarning stavkalari, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash (shu jumladan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga 0,1 foiz o‘tkazish) tartibi saqlab qolinmoqda.
Jismoniy shaxslar o‘z daromadlarini ipoteka kreditlarini so‘ndirishga yo‘naltirganda, bir vaqtning o‘zida turar joy qiymati (bugungi kunga kelib 300 mln so‘m) bo‘yicha talabni bekor qilgan holda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq solinmaydigan daromad summasi 15 mln so‘mdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha (yoki 73,6 mln so‘m) oshirilmoqda.
2023-yilning 1-aprelidan boshlab jismoniy shaxslarning hayotini uzoq muddatga sug‘urtalash haqini to‘lashga yo‘naltiriladigan jismoniy shaxslarning daromadlari qismida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda.
Qat’iy belgilangan miqdorlarda soliqni to‘lovchi jismoniy shaxslar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha yillik soliq hisobotini taqdim etish muddatlariga o‘zgartirish kiritildi.
2022-yil yakunlariga ko‘ra yillik soliq hisobotini 2023-yilning 15-fevralidan kechiktirmay taqdim etish zarur.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq
2023-yilda quyidagilar saqlab qolinmoqda:
- soliq bazasini, shuningdek 1 kv.m uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymat miqdorlarini belgilash tartibi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining ko‘chmas mulk obyektlarining belgilangan eng kam qiymatiga, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, 0,5 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi koeffitsiyentni belgilash huquqi;
- soliq bazasiga nisbatan 1,5 foiz miqdoridagi soliq stavkasi.
Soliq kodeksining 415-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha belgilangan pasaytirilgan soliq stavkasini bazaviy soliq stavkasiga, 2023-yilda uni 0,5 foizdan 0,6 foizgacha oshirish yo‘li bilan, bosqichma-bosqich yetkazish davom ettiriladi.
Yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasi 2020-yildan boshlab ilgari soliq imtiyozlari berilgan obyektlar bo‘yicha joriy etilgan edi.
2022-yilning 1-iyulidan boshlab qonunchilikda yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning oshirilgan stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan obyektlarga soliq solish tartibi bekor qilindi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq
2022-yilda amal qilgan soliq stavkalari Soliq kodeksining 422-moddasi birinchi qismi 1-3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
2018-yilda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan belgilangan jismoniy shaxslar uchun soliq solish obyektlarining kadastr qiymati miqdori (soliq bazasi) saqlanib qolishi shuni taqozo etdi.
2023-yilda turar joy fondi obyektlariga (shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan mashina turar joylariga) ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasini o‘tgan yildagiga nisbatan oshirishga cheklov qo‘llash amaliyoti saqlab qolinmoqda.
Xususan, 2023-yilda 2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan soliq summasi 2022-yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,3 baravardan ortiq miqdorda oshishi mumkin emas.
Ushbu cheklov mol-mulk solig‘ini inventarizatsiya qiymatidan hisoblab chiqarishdan (2018 yilgacha) mol-mulkka kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solishga o‘tgandan so‘ng soliq yuki keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2018-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli barcha ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Bunda 2023-yildan boshlab yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasini o‘tgan yildagiga nisbatan cheklashni qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi.
Ushbu norma ko‘chmas mulk obyektlari jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli ekanidan qat’i nazar, ularning funksional vazifasiga (noturar joylar) qarab soliq solishning teng sharoitlarini yaratish maqsadida joriy etilgan.
Yer solig‘i bo‘yicha cheklov jismoniy shaxslar tomonidan 2022 yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanmaydi.
2022-yilning 1-iyulidan boshlab qonunchilikda yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlariga soliq solish tartibi bekor qilindi.
Yer solig‘i bo‘yicha
Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblab chiqarish tartibi, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foiz miqdorida belgilangan soliq stavkasi saqlab qolinmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun 2022-yilda amalda bo‘lgan yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Bunda soliq stavkalarining aniq miqdorini mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bazaviy stavkalar asosida, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda aniqlash tartibi saqlab qolinadi.
2023-yilda uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari egallagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasini o‘tgan yildagiga nisbatan oshirishga cheklov qo‘llash amaliyoti saqlab qolinmoqda.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda.
Quyidagilarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash joriy etiladi:
- tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan noturar joy maqsadidagi ko‘chmas mulk obyektlariga yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga dehqon xo‘jaliklari uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha.
Mazkur norma yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan noturar joy binolarida tadbirkorlik faoliyati uchun, shuningdek qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun dehqon xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan suv resurslariga soliq solishning teng sharoitlarini yaratish maqsadida joriy etilgan.
Soliq to‘lovchilarning ushbu toifasi bo‘yicha soliq soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq
Qora, qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallar, shuningdek nodir elementlar va nodir yer elementlari (keyingi o‘rinlarda – metallar) bo‘yicha joriy etilayotgan tartibga muvofiq:
- qazib olingan (ajratib olingan) metallarni haqiqatda realizatsiya qilish hajmi soliq solish obyekti hisoblanadi;
- qazib olingan (ajratib olingan) metallarni haqiqatda realizatsiya qilish hajmi soliq bazasi hisoblanadi.
Gaz kondensati bo‘yicha soliq bazasi tabiiy gaz va neft uchun nazarda tutilgan tartibga aynan o‘xshash tarzda aniqlanadi.
“Netback” mexanizmi qo‘llaniladigan metallar va uglevodorodlar bo‘yicha fiskal perimetriga aniqlik kiritilmoqda. Bunda foydali qazilmalarning ushbu turlari bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda qazib olingan foydali qazilmalarni tashish va (yoki) qayta ishlash, shu jumladan qaytarish sharti bilan ularga qayta ishlov berish bilan bog‘liq xarajatlar summasi soliq to‘lovchi tomonidan soliq organlari bilan birgalikda aniqlanadi.
Mazkur xarajatlar summasiga kalendar yil yakunlari bo‘yicha shunga o‘xshash tartibda tuzatish kiritilishi mumkin.
Temir bo‘yicha soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizga pasaytirildi.
Aylanmadan olinadigan soliq
Aylanmadan olinadigan soliq stavkalari soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun 4 foiz miqdoridagi yagona stavkani belgilagan holda birxillashtirilmoqda.
Bunda borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarda joylashgan korxonalar uchun pasaytirilgan soliq stavkalari 1 foiz miqdorida, boshqa aholi punktlarida joylashgan korxonalar uchun – 2 foiz miqdorida (shu jumladan, elektron tijorat) va aholisi soni yuz ming nafar va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda – 3 foiz miqdorida saqlab qolindi.
2023-yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar ixtiyoriy asosda qat’iy belgilangan miqdorda soliq to‘lashni tanlashga haqli.
Bunda jami daromad summasi 500 million so‘mdan oshmaganda yiliga 20 million so‘m qat’iy belgilangan miqdordagi soliqni, jami daromad summasi 500 million so‘mdan oshganda esa yiliga 30 million so‘m to‘lashni tanlash huquqi berilmoqda.
Qat’iy belgilangan summadagi soliq teng ulushlarda har oyda, kalendar oydan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay to‘lanadi.
Mazkur soliqni to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchi soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga keyingi oy boshlanishidan 10 kun oldin xabarnoma yuborishi zarur.
Mazkur norma 2023 yilning 1 yanvaridan kuchga kirishini e’tiborga olgan holda, birinchi marta qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashga o‘tayotgan soliq to‘lovchilar soliq organlariga xabarnomani 2023 yilning 25 yanvaridan kechiktirmay taqdim etishga haqli.
Yangi tashkil etilgan soliq to‘lovchilar davlat ro‘yxatidan o‘tish chog‘ida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashni tanlashga haqli.
Qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashni rad etish navbatdagi soliq davri boshidan amalga oshiriladi.
Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashga o‘tishda, soliq miqdori qat’iy belgilangan summani 12 ga bo‘lish va olingan natijani joriy soliq davri oxirigacha qolgan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lovchining jami daromadi 500 million so‘mdan oshgan taqdirda, qat’iy belgilangan summadagi soliq summasi u oshgan oydan boshlab joriy soliq davri oxirigacha, 500 million so‘mdan ortiq jami daromadga ega soliq to‘lovchilar uchun belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda qayta hisoblanadi.
Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashdan qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tishda qat’iy belgilangan summadagi soliq ushbu soliqlarga o‘tilgan oxirgi kalendar oyni hisobga olgan holda to‘lanishi lozim.
Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarga qat’iy belgilangan miqdorda to‘lanadigan dividendlarga foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.
Bunda ixtiyoriy yoki majburiy tartibda QQS to‘lashga o‘tishda bunday soliq to‘lovchilarga QQS bilan xarid qilingan tovarlar qoldiqlari bo‘yicha QQSni hisobga olish huquqi berilmaydi.
Soliq davri mobaynida jami daromadi 1 milliard so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar, shu jumladan yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi ro‘yxatdan o‘tkazilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jami daromadning ko‘rsatilgan miqdoriga yetgan kundan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadilar.
Boshqa o‘zgarishlar
2023-yilning 1-aprelidan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) chet el investitsiyalari ulushi kamida 33 foiz bo‘lgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kiriladigan mol-mulk bo‘yicha bojxona bojidan mavjud imtiyozlar bekor qilinmoqda.
Agar 2023-yilning 1-yanvariga qadar xorijiy investor hamda investitsiyalar va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa imtiyozlar bekor qilinmaydi.
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asosiy vositalar va boshqa mol-mulkning saqlanishi uchun soliq qarzi undiruvini soliq qarzi mavjud soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish muddati 30 kundan 60 kungacha uzaytirilmoqda.
Jami daromadi 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lovchilarga soliq qarzini 6 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqida xabardor qilish huquqi berilmoqda (bundan ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, yer qa’ridan foydalanuvchilar va aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar mustasno).
Bunda foizlarni to‘lamasdan bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati kalendar yil davomida bir marta taqdim etiladi.
O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona bojining nol darajali stavkasini qo‘llashning amal qilish muddati 2024-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilmoqda.
Budjet tashkilotlariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha taqdim etilgan soliq imtiyozlari 2024-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilmoqda.
2023-yil uchun ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning eng yuqori stavkalari hamda xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlar stavkalarining miqdorlari 2022-yil darajasida saqlab qolinmoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)