Sirdaryo viloyatida “Dok-1 Maks” dori vositasi yetti nafar bemor bolaga nojo‘ya ta’sir qilgan. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oltinoy Esanova ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, hozirda bemorlarning to‘rt nafari sog‘aygan, uch nafari jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini davom ettirmoqda.
Oltinoy Esanovaning qayd etishicha, viloyatda 6 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor oilalarga xabarnomalar tarqatilgan. So‘nggi paytlarda “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan farzandlar bo‘lsa, o‘sha hududda ishlayotgan oilaviy shifokorga murojaat qilish kerakligini ta’kidlab, hech qanday ta’siri ko‘rinmagan holda ham shu dori vositasini iste’mol qilganini ma’lum qilishlarini so‘ragan.
Bundan avval Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limida 3 yoshli bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi natijasida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur siropni iste’mol qilish ortidan Samarqandda 18 nafar, Toshkent va Qashqadaryoda bir nafardan, jami 20 nafar bola vafot etgani ma’lum bo‘lgandi.
DXX tomonidan “Dok-1 Maks” preparati bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. “Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniyaga tegishli barcha dorilar savdosi vaqtincha to‘xtatilgan.
Izoh (0)