Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 24-dekabr kuni Rossiyaga amaliy tashrifini boshlaydi. Bu haqda “Pul Pervogo” xabar berdi.
Lukashenko Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi, MDH davlatlari rahbarlari ishtirokidagi norasmiy tadbirda ishtirok etishi, kosmonavtlar tayyorlash markaziga tashrif buyurishi kutilmoqda.
“Lukashenko ertaga (24-dekabr) Rossiyaga amaliy tashrif bilan boradi”, — deyiladi xabarda.
Jurnalistlarning yozishicha, Putin taklifiga binoan Lukashenko Moskva viloyatidagi kosmonavtlar tayyorlash markaziga boradi, u yerda Belarusdan koinot parvozlari uchun nomzodlar saralanmoqda. Siyosatchi markaz faoliyati, kosmonavtlarni tanlash va tayyorlash tizimi bilan tanishadi, Belarus va Rossiyaning kosmik sohadagi hamkorligi istiqbollarini muhokama qiladi.
Bundan tashqari, Lukashenko 26-27 dekabr kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etadi. Yig‘ilish ishtirokchilari yil yakunlarini sarhisob qiladi va hamkorlik rejalarini muhokama qiladi.
Putin 19-dekabr kuni Lukashenko bilan uchrashish uchun Minskka kelgandi. Tomonlar mudofaa sohasi, Rossiya gaz ta’minoti, atom energetikasi va boshqa sohalardagi hamkorlikni muhokama qilgan.
Izoh (0)