Xitoy yetakchisi Si Szinpin jamoatchilik maydonida Rossiyadan “uzoqlashish”ga urinayotganiga qaramay, hukumatga Moskva bilan yaqinroq iqtisodiy aloqalar o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda The Wall Street Journal “Pekin siyosiy maslahatchilari”ga tayanib xabar bermoqda.
“Si Szinpin so‘nggi oylarda Pekin va Moskva o‘rtasida omma oldida masofa saqlashga harakat qilmoqda. Biroq, diplomatik nutqlar sahnasi ortida Si Szinpin Rossiyaga nisbatan uzoq muddatli ishonchini chuqurlashtirmoqda”, — deb yozadi gazeta.
WSJ manbalariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish rejasi Rossiyadan neft, gaz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini oshirishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Pekin Arktikada Moskva bilan energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Rossiya infratuzilmasiga, xususan, temiryo‘l va portlarga sarmoya kiritishni ko‘paytirish niyatida.
Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanganidan keyin Xitoy Moskvaga qarshi sanksiyalar kiritmadi va G‘arb davlatlarining bunday choralarini qoraladi. Shu bilan birga, Si Szinpin mojaroga tezroq barham berish tarafdori ekani, uning siyosiy yechimi barcha Yevropa va Osiyo mamlakatlari manfaatlariga mos kelishini bir necha bor ta’kidlagan.
Bundan tashqari, noyabr oyida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida Xitoy rahbari mafkuraviy bo‘linish va bloklar qarama-qarshiligi xavfidan ogohlantirdi, bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, jahon taraqqiyotiga putur yetkazadi.
13-dekabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Si Szinpin o‘rtasida shaxsiy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lum qildi.
Izoh (0)