Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekiston Oliy Kengashining (milliy parlamentning Oliy Majlisdan avvalgi nomi) 1992-yil 8—10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan 11-sessiyasida bir qator tarixiy qarorlar qabul qilingan. Birinchisi, tabiiyki, 8-dekabr kuni O‘zbekiston konstitutsiyasining qabul qilinishidir. Sessiyaning uchinchi ish kunida esa Davlat madhiyasiga doir masala ko‘rib chiqilgan.

Tanlov

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Izzatulla Norquvvatovning yodga olishicha, O‘zbekistonning yangi madhiyasini ishlab chiqishga 1990-yil martidan kirishilgan. “Bu harakat hali SSSR degan qudratli, ‘qilichidan qon tomgan’ davlat barqaror bo‘lib turgan paytda juda katta jasorat edi”, — deb yozadi jurnalist.

1990-yilning dekabrida Madaniyat, fan, xalq ta’limi va madaniy merosni asrash qo‘mitasi tomonidan Davlat madhiyasi matni va musiqasi bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi ijodkorlar yashirin imzo — taxallus bilan qatnashishi shart qilib qo‘yilgan edi.

Qo‘mitaning 1991-yil 5-aprel kuni taniqli adib Pirimqul Qodirov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Davlat madhiyasi uchun taqdim etilgan she’rlarni saralash masalasi ko‘rilgan. Yig‘ilishda 90 ga yaqin taxalluslar bilan qatnashgan shoirlarning 12 ta she’ri keyingi bosqich uchun tanlab olingan.

Oradan ikki oy o‘tgach, davlat madhiyasi musiqasi uchun taqdim etilgan asarlar tanlovi ham o‘tkazilgan. Tanlovda 30 ga yaqin musiqiy asarlardan birortasi ham komissiya a’zolariga to‘la ma’noda ma’qul kelmagan, faqat 2 ta musiqiy asar qayta ishlash sharti bilan ikkinchi turga o‘tkazilgan.

Mavzuga doir: “Daryo” so‘rovnomasi: O‘zbekiston madhiyasi qachon qabul qilingan? Mualliflari kim?

Nomzod asarlar

Yakuniy bosqichda qatnashish uchun saralangan uchta madhiya mualliflari Abdulla Oripov va Mutal Burhonov, Mirpo‘lat Mirzo va Rustam Abdullayev, Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyev ekani ma’lum bo‘ldi.

Rustam Abdullayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Oliy Kengashdagi o‘sha jarayonda uchala nomzod madhiya mualliflari yonma-yon o‘tirgani va juda hayajonlanganini so‘zlab berarkan, jarayonni quyidagicha xotirlagan:

Oliy Kengash zalida dastlab Baxtiyor Aliyev musiqasi bilan yaratilgan madhiya yangradi. Uni yaxshi qabul qilishdi. Keyin men va Mirpo‘lat Mirzo hamkorligidagi madhiya jarang sochdi, u ham juda yaxshi qarshilandi. Oxirida Abdulla Oripov she’riga kompozitor Mutal Burhonov tomonidan bastalangan kuy qo‘yilgach, qarsaklar zo‘r bo‘ldi, deputatlarning ko‘pi o‘rnidan turib ketdi. Biz ham xursand bo‘lganmiz. Bu holatni ko‘rib, “Natija ma’lum bo‘lganga o‘xshayapti”, degan fikrlar o‘tgan.

Uchala madhiya yangragach, Abdulla aka minbarga chiqib, she’rlarini o‘qigan. Deputatlar yashirin ovoz bergach, 404 ball bilan Abdulla Oripov va Mutal Burhonov hamkorligidagi madhiya g‘olib bo‘lgan. Bizning ijodiy ishimiz ikkinchi, Baxtiyor Aliyev musiqasi bilan tayyorlangan madhiya esa 3-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. G‘oliblarni quchoqlab tabriklaganmiz, quvonganmiz. Tanlovning final bosqichiga yetib, ikkinchi o‘rinni olishning o‘zi ham katta gap. Negaki, yakuniy bosqich o‘tkazilayotgan zalda deputatlardan tashqari, mamlakat rahbariyati ham bor edi.

Oliy Kengashning 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi matni va musiqasi variantlari mualliflarini mukofotlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oliy Kengash tomonidan tasdiqlangan davlat madhiyasining mualliflari — Abdulla Oripov va Mutal Burhonov 100 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlangan. Davlat madhiyasining variantlari sifatida taqdim etilgan matn va musiqalar mualliflari — Mirpo‘lat Mirzo va Rustam Abdullayevga 75 ming so‘m, Abdulla Oripov va Baxtiyor Aliyevga esa 50 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti berilgan (taqqoslash uchun — 1992-yil 2-sentabrdagi hukumat qarorida bir dollar uchun kurs 85 so‘m deb ko‘rsatilgan).

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Ota bolasini, aka ukasini tanimaydi, chang-to‘zon, terlab-pishib har kim uloqni taqimiga bosish qayg‘usida” — Piskentdagi koʻpkaridan fotoreportaj
Mahalliy
O‘rta Chirchiqda 400 nafar o‘quvchi maktab binosi olib qo‘yilgani sabab darsga borolmayotgani xabar berildi. Zoir Mirzayev holatga eʼtibor qaratdi
Mahalliy
Turkiyadagi dahshatli zilzilada 3 419 kishi halok boʻldi — voqea tafsilotlari (video)