Moskva viloyatidagi Moskva avtomobil halqa yo‘li yaqinida joylashgan “Mega Ximki” savdo markazida 9-dekabr kuni soat 06:00 (Toshkent vaqti bilan 8:00) atrofida “OBI” qurilish gipermarketi hududida yong‘in boshlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi.
“Interfaks” xabariga ko‘ra, soat 08:00 ga kelib yong‘in maydoni 17 ming kvadrat metrni tashkil qilgan. Bir necha ming kvadrat metr maydondagi binoning tomi qulab tushgan.
“OBI”da joylashgan bo‘yoq va lak mahsulotlarining portlashi yong‘inni o‘chirishga to‘sqinlik qilmoqda. Hodisaning murakkablik darajasi beshdan to‘rtinchi deb baholanmoqda . Yong‘inni o‘chirish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi aviatsiyani jalb qilmoqchi.
“RIA Novosti”ga favqulodda xizmatlardagi manbalarning aytishicha, yong‘inning asosiy versiyasi — atayin o‘t qo‘yish deb atalmoqda. O‘z navbatida, “Interfaks”ning favqulodda xizmatlardagi suhbatdoshi o‘t qo‘yish yong‘in versiyalaridan biri sifatida ko‘rilayotganini, biroq yong‘inning boshqa ehtimoliy sabablari, jumladan, “texnik sabablar – elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv” ham istisno etilmaganini aytdi.
Izoh (0)